Matnga o'tish
Bosh sahifa
Bosh sahifaEFI to'g'risidaLoyihalarKitobni o'qingKutubxonaHamkorlar

Urush, tinchlik va rag'batlar: iqtisodiyot qonunlari qanday qilib hayotimizni haligacha boshqaradi

Nataliya Melnik, Bendukidze erkin bozor ilmiy markazi
01/01/70

Biz tinchlik va urush iqtisodiyotini sodda qilib tushuntirib bermoqchimiz. Sababi shundan iboratki, iqtisodiy bilim hayotingizni maqsadingizga ko’ra yashashga hamda bugungi dunyo qonunlarini va atrofdagi odamlarning xulqini tushunishga yordam beradi. Biz rag'bat tushunchasidan boshlab, uning supermarketda guruch sotib olishdan tortib, prezidentlik saylovlari va urushda qatnashishgacha bo'lgan tanlovga ta'sirini ko’rib chiqamiz.

Kundalikdagi rag'batlar: ular nimadan iborat?

24-fevral saharigacha biz ertalab uyg'onib, pul ishlash uchun ishga (yoki masofadan ishlagan bo'lsangiz, boshqa xonaga) otlanardik. Sog’lom turish uchun (yoki sobiq sevgilimizning rashkini keltirish uchun) sport zaliga borardik. Bolalar yaxshi baho olsa, cho‘ntak pulini ko‘paytirardik. «Bosto» guruchi juda qimmatlashganda «Jmenka» sotib olardik. Ammo 24-fevraldan boshlab ba'zilarimiz «omon qolish» rejimida, boshqalarimiz esa «himoya qilish» rejimida yashayapmiz.

Ushbu vaziyatlarning barchasida biz ma'lum rag'batlar ta'siri ostida harakat qilib kelaypmiz. Harakatlar rag’batlarga bo’lgan oqilona javobdir.

Buning iqtisodiyotga nima aloqasi bor?

Iqtisodiyotning asosiy tamoyillaridan biri shundan iboratki, rag'batlar inson xatti-harakatlariga kutilgandek ta'sir ko'rsatadi. Bu esa bizning har qanday faoliyatimizga tegishli.

Rag'batlar bizni harakatga undaydi.

Agar mahsulot yoki xizmat qimmatlashsa, uni sotib olish ehtimoli kamayadi. Va aksincha, agar tanlovning afzalliklari oshsa, uni tanlash ehtimoli ham oshadi.

Oilangizni evakuatsiya qilish uchun joy tanlashda siz mamlakatning sharqini yoki janubini hisobdan chiqarasiz. Uchrashuvga shoshilganda, kahva tayyorlashga va yangiliklarni tomosha qilishga vaqt topa olmaysiz. Biroq, agar sizda 15 daqiqa bo’sh vaqt bo'lsa, nimaga kahva damlamaslik kerak? Yerda yotgan10 kopeykadan ko’ra, 1 grivnani olib chontakka solish ehtimoli ko‘proq va talabalar bugungi mavzu test yoki imtihonda bo’lishini bilsalar, ular darsda diqqatliroq bo‘lishadi.

Agar siz bozorning qanday ishlashiga diqqat bilan qarasangiz, ma’lum qoidalar to’plami shaxsiy rag'batlarning ijtimoiy hamkorlik uchun qulay sharoitlarni yaratganini ko'rasiz. Bu murakkab tuyulishi mumkin, lekin aslida bu mexanizm oddiy: narxlar, foyda va zararlar orqali rag’batlar odamlarning shaxsiy istaklariga ta'sir qiladi.

Agar xaridorlar ishlab chiqaruvchilar sotishga qodir yoki tayyor bo'lgan hajmdan ko'ra ko'proq mahsulotni sotib olishni xohlasalar, narx tezda ko'tariladi. Narx oshgani sayin, sotuvchilar ushbu mahsulotni sotishga ko'proq tayyor bo'ladilar, chunki ularning daromadlari oshadi, xaridorlar esa, aksincha, kamroq sotib oladi. Bu vaziyat talab va taklif muvozanatga kelib, narx barqarorlashguncha davom etadi. Lekin, agar sotuvchilar mahsulotlarini joriy narxda sota olmasalar, narxni pasaytirishlari kerak bo'ladi. Pasaygan narxlar odamlarni ko'proq sotib olishga rag’batlantiradi, lekin ishlab chiqaruvchilarni mavjud ishlab chiqarish hajmini kamaytirishiga olib keladi, chunki mahsulotni yangi arzonroq narxda sotish ularning daromadini kamaytiradi

Bosha sohalarda qanday amal qiladi?

Siyosatda ham xuddi shunday holatni kuzatsak bo’ladi. Boshqa narsa o’zgarmangan holda, saylovchilar ularga minimal xarajat evaziga eng katta shaxsiy manfaat keltiradigan siyosiy nomzodlarni yoki siyosatni qo'llab-quvvatlaydilar. Shuning uchun pensiya to'lash bo'yicha davlat majburiyatlaridan voz kechishni taklif qilgan nomzodga ovoz beradigan nafaqaxo'rni tasavvur qilish qiyin.

Rag'batlar inson tabiatining bir qismi bo'lib, ular bizni muayyan qarorlar qabul qilishga undaydi. Shunday ekan, kimnidir kerakli xulq-atvorga undash uchun to'g'ri rag'batlarni topish lozim. Aks holda, natija siz kutgandek bo'lmaydi. Tasavvur qiling-a, zavod rahbariyati to’lovni chiqarilgan shishaning og’irligiga ko’ra belgilaydi. Xodimlar bunga javoban nima qilishadi deb o’ylaysiz? Ular shunchalik qalin shisha yasaydilarki, unning shaffofligi yo’qoladi. Biroq, agar mukofot kvadrat metrga bog'liq bo'lsa - ular shunchalik yupqa shisha ishlab chiqaradilarki, u osongina sinib ketadi. Ba'zida natija hatto maqsadga qarama-qarshi ham bo'lishi mumkin, bu «kobra effekti» deb ataladi. Hindiston Britaniya mustamlakasi bo’lgan davrlarda gubernator ko’payib ketgan kobralardan qutulish maqsadida har bir ilon boshiga mukofot belgilagan. Dastlab, ilonlar soni kamaygan, ammo mahalliy aholi mukofot olish uchun ularni ko'paytirishni boshlagan. Mukofot bekor qilinganda esa, kobralar soni yanada ko'paygan.

Endi bugungi kunga tegishli bo’lgan misolga qaraylik: yangiliklarda biz rus bosqinchilarining «harbiy operatsiya»dagi tinchlikparvarlik roli haqidagi illyuziyalar tarqaganda ularning taslim bo'layotgani haqidagi xabarlarni eshitamiz. Ularga ko‘ra, soldatlar ortga qaytisholmaydi, chunki maxsus otryadlar dezertirlarni otib tashlashadi. Demak, ularda jangni davom ettirishdan ko’ra taslim bo'lish uchun rag'bat ko’proq. Bu esa ularning rahbariyatining rejalariga to'g'ri kelmasligi aniq.

To'g'ri rag'bat misoliga Britaniya hukumatining 1860-yillarda mahbuslarni Avstraliyaga olib borish uchun kema kapitanlari bilan tuzgan shartnomalarni keltirish mumkin. O’sha paytda mahbuslarning manzilga tirik yetib borish ehtimoli atigi 40% bo’lgan va kapitanlarning ma'naviyatiga ta’sir qiladigan choralar ish bermaydi. Shunda iqtisodchi Edvin Chadvik kapitanlarga Angliyada kemaga chiqqan har bir mahbus uchun pul to'lash o'rniga, Avstraliyada tushgan har bir mahbus uchun pul to'lashni maslahat beradi. Natijada kema sharoitlari sezilarli darajada yaxshilanib, eson-omon yetib borish darajasi 98% dan oshadi.

Shuning uchun, sizni nima rag'batlantirayotgani va atrofingizdagi odamlar uchun o’zingiz qanday rag'bat yaratayotganingizni o’ylab ko’ring.

Iqtisodiyot qonunlari bizning kundalik hayotimizni qanday shakllantirishini yaxshiroq tushunish uchun kitob o'qishni tavsiya qilamiz! Keling, kichik bir «kitob javonini» yig'amiz.

EFI hamkori Bendukidze erkin bozor ilmiy markazidan Nataliya Melnikning ushbu maqolasi birinchi marta «Rubryka»da chop etilgan