Matnga o'tish
Bosh sahifa
Bosh sahifaEFI to'g'risidaLoyihalarKitobni o'qingKutubxonaHamkorlar

Iqtisodiyotda murosa qilish

Robert F. Mulligan
01/01/70

Murosa qilish g'oyasi iqtisoddagi eng asosiy tamoyillardan biri bo’lib, u bir narsadan ko’proq miqdorda egalik qilish uchun boshqa narsadan voz kechish lozimligini anglatadi. Ushbu tamoyil bizni resurslardan samarali va isrofgarchiliksiz foydalanishga, shuningdek, ehtiyojlarimizni qondira oladigan yangi resurslarni izlashga rag’batlantiradi.

Mikroiqtisodiy nuqtayi nazardan qaraganda, har birimiz muqobil qiymati eng kam bo'lgan tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarishga ixtisoslashamiz; ya'ni, biz muqobil qiymati eng past bo’lgan ishlab chiqaruvchilarmiz. Biz o'zimiz osonlik bilan ishlab chiqara oladigan tovarlarni ishlab chiqarib, ularni biz uchun ko'proq kuch, xarajat yoki resurslar talab qiladigan narsalarga savdo qilamiz. Savdo hamkorlarimiz esa o’zlari ishlab chiqarganda ularga qimmatroqqa tushadigan, ammo biz samaraliroq va arzonroq ishlab chiqarilgan narsalar uchun o’zlari samarali ishlab chiqara oladigan narsalardan voz kechadilar. Barcha mahsulotni o'zimiz ishlab chiqaradigan vaziyiatga nisbatan, biz boshqalar bilan savdo qilganda nafaqat arzonroq va ko'proq, balki kengroq turdagi tovarlar va xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo’lamiz. Savdo turmush darajasini oshiradi, chunki u har bir kishini muqobil qiymati eng kam bo’lgan mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashtiradi, va oqibatda har birimiz o’z ite’molimiz uchun kamroq narsadan voz kechib, resurslarni tejaymiz.

Makroiqtisodiy nuqtayi nazardan tahlil qilganda esa, murosa qilish orqali har bir mamlakat xalqaro savdo uchun nima ishlab chiqarishini aniqlab oladi. Murosa qilib biz boshqa mamlakatlarda arzonroq va samaraliroq ishlab chiqariladigan tovarlarni import qilamiz va o’zimizda arzonroq va samaraliroq ishlab chiqarsa bo'ladigan tovarlarni esa eksport qilamiz. Adam Smit xalqaro savdoni qo'llab-quvvatlagan iqtisodchilarning birinchilaridandir. U shunday deb tushuntirgan: barcha iste'mol mahsulotlarini o’zlari ishlab chiqarib, ayrim va ayanchli kun kechirayotgan dehqonlar turli ekinlarni yetishtirishga ixtisoslashib, bir-biri bilan savdo qilishsa, ular ko'proq va xilma-xil mahsulotlarni iste’mol qilishga erishishlari mumkin. Aynan shu kabi, Angliya bilan Frantsiya o‘rtasidagi savdo ham ikkala mamlakatning turmush darajasini oshiradi. Smit ta'kidlaganidek, xalqaro savdo «bozor miqyosini» kengaytiradi, yoki aniqroq aytganda, «Mehnat taqsimoti bozor miqyosi bilan chegaralangan. Buning sababi shundaki, ayirboshlash orqali har bir kishi ixtisoslashib, keng turdagi tovarlar va xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo'ladi».

Biz o’zimizga qulay bo’lgan, ya'ni biz boshqalardan arzonroq, boshqalardan yaxshiroq ishlab chiqara oladigan narsalarni ishlab chiqarishga ixtisoslashamiz. Biz o'z ehtiyojlarimizdan ortgan mahsulotlarni boshqalar bilan ular samaraliroq ishlab chiqargan mahsulotlarni sotib olish uchun savdo qilamiz. Savdoda ixtisoslashuv, ya’ni qiyosiy ustunlikning ushbu printsipi ham jismoniy shaxslararo savdoda, ham mamlakatlararo savdoda teng qo'llaniladi. Qiyosiy ustunlik mikroiqtisodiy darajada shaxslarning ma'lum mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashganligini tushuntiradi; makroiqtisodiy darajada esa mamlakatlarning ma'lum tovarlarni eksport qilish sabablarini izohlaydi.

Rojer Garrison makroiqtisodiy murosa qilmoqlikni ikki mahsulotli dunyo oqrali tasvirlaydi. Mahsulotlarning biriga odamlarning ehtiyojlarini to'g'ridan-to'g'ri qondiradigan iste'mol tovarlari va ikkinchisiga kapital yoki investitsiya tovarlari deb ham ataladigan ishlab chiqaruvchi tovarlar kiradi. Ishlab chiqaruvchi tovarlar odamlarning ehtiyojlarini faqat bilvosita, vaqt o'tishi bilan va faqat potentsial ravishda qondiradi. Ularga iste'mol tovarlarini ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan asbob-uskunalar, jihozlar va zavodlar kiradi. Odatda, o'zaro murosani tasvirlash uchun kirish darsliklari qurol va sariyog’ kabi ikkita mahsulotni misol qilib, ushbu tushunchani haddan tashqari soddalashtirib yuboradi. Ammo ishlab chiqarishni iste'mol va ishlab chiqaruvchi tovarlar deb ikki keng toifaga ajratib, real dunyoda ishlab chiqarilgan hamma narsani qamrasa bo’ladi.

Iste'mol tovarlari talablarni darhol qondirishi mumkin, ammo ishlab chiqaruvchi tovarlar talabni keyinchalik va ma'lum bir noaniqlik bilan qondiradi. Demak, individual darajada iste'mol va ishlab chiqaruvchi tovarlarning miqdori odamlarning o'z ehtiyojlarini qondirish uchun qancha sabr qilish tayyorligi bilan belgilanadi. Bu tayyorlik vaqt afzalligi bo’lib, u odatda foiz stavkasida ifodalanadi. Vaqt afzalligi katta bo’lgan odamlar o'z ehtiyojlarini qondirish uchun sabr qilishni xohlamaydilar. Ular daromadlarining bir qismini tejash orqali iste'molni kechiktirishlari uchun ularning tejalgan jamg’armalariga yuqori foiz stavkalarini kafolatlash zarur. Vaqt afzalligi pastroq bo’lgan odamlarga kelganda, ular kamroq iste'mol qilib, ko'proq tejaydilar.

Makroiqtisodiy nuqtayi nazardan qaraganda, iste'mol tovarlari nisbatan tez sarflanadi, shuning uchun ular doimiy ravishda ishlab chiqarilishi kerak. Ishlab chiqaruvchi tovarlar esa uzoqroq xizmat qiladi, lekin ular vaqt o'tishi bilan eskiradi, boshqacha aytganda, amortizatsiya bo’ladi. Ushbu davom etadigan eskirish jarayoni shuni anglatadiki, korxonalar ishlab chiqarishni bir darajada ushlab turishlari uchun ular turli ishlab chiqaruvchi tovarlarini sotib olib turishlari lozim. Faqat iste'mol tovarlarini sotib olish ehtiyojlarni maksimal darajada faqatgina qisqa muddatda qondira oladi, ammo bu jarayon barqaror davom etmaydi, chunki oxir-oqibat barcha ishlab chiqaruvchi tovarlar – uskunalar, jihozlar va zavodlar eskiradi. Demak, bugungi ehtiyoj ertangi muhtojlikka olib keladi.

Iste'mol va ishlab chiqaruvchi tovarlar miqdori mamlakatning kelajakdagi iqtisodiy o'sishini belgilaydi. Agar mavjud ishlab chiqaruvchi tovarlar amortizatsiya bo’lganda odamlar ularni tezda almashtirish imkonini beruvchi iste'mol va ishlab chiqaruvchi tovarlar kombinatsiyasini tanlasa, iqtisod barqaror bo’lishi mumkin. Agar ularning tanlovi iste'mol tovarlariga ko’proq qaratilsa, iqtisodiyot qisqaradi. Biroq odamlarda ishlab chiqaruvchi tovarlarni tanlashga moyillik bo'lsa, iqtisodiyot o'sadi; shu moyillik qanchalik ko’p bo'lsa, o'sish ham shunchalik tez bo'ladi.

Iqtisodchilar makroiqtisodiy murosa haqida gapirganda, ular odatda iste'mol va ishlab chiqaruvchi tovarlarning kombinatsiyasi optimal deb taxmin qilishadi. Ya’ni, iste'mol tovarlarining jami miqdori emas, balki har bir iste'molchining xohish-istagi eng yuqori darajada qondiradigan og'iz yuvish vositalari, konservalangan sho'rva, dezodorant va boshqa mahsulotlar miqdori kombinatsiyasi muhimdir. Ishlab chiqaruvchi tovarlarga kelganda ham, nafaqat ularning jami miqdori, balki iste'molchilar talabini maksimal darajada qondiradigan kombinatsiyalar muhimdir. Iste'molchilar xohishi vaqt o'tishi bilan o'zgarishi sababli, turli xil mahsulotlarni ishlab chiqarishga moslashuvchan ishlab chiqaruvchi tovarlarni tanlashga ham e’tibor berish kerak.

Biz aholi soni va texnologiya o’zgarmas deb taxmin qilib keldik. Biroq texnologiya vaqt o'tishi bilan rivojlanganligi sababli, ishlab chiqarish usuli, shuningdek, iste'molchilar talab qiladigan mahsulot turlari ham o'zgaradi. Texnologik taraqqiyot ishlab chiqaruvchi tovarlarni tobora ko'p qirrali, samarali va moslashuvchan qiladi. Shu bilan birga, texnologik taraqqiyot ishlab chiqarish jarayonlarini yanada murakkab, ko'p vaqt talab qiluvchi va bir-biriga bog'liq qilib q o’yadi va, shu ma'noda, moslashuvchanligini kamaytiradi. Aholi soni o'sganda turmush darajani bir holda ushlab turish uchun ko'proq mahsulot kerak bo'ladi, lekin aholining o’sishi bilan ishlab chiqaruvchi tovarlarni boshqaradigan ishchi kuchi ham ko’payadi. Real hayotdagi bu murakkabliklar murosa qilish kabi iqtisoddagi asosiy g'oyalarni tadbiq etishni qiyinlashtiradi. Shunga qaramay, ushbu iqtisodiy tamoyil iste'molchi tanlovi, iqtisodiy o'sish va xalqaro savdo haqida aniq tushunchalar beradi.

Ushbu maqola Robert F. Mulligan va Amerika Iqtisodiy Tadqiqotlar Instituti tomonidan taqdim etilgan bo’lib, undan Creative Commons Attribution 4.0 xalqaro litsenziyasiga muvofiq foydalanilgan