Matnga o'tish
Bosh sahifa
Bosh sahifaEFI to'g'risidaLoyihalarKitobni o'qingKutubxonaHamkorlar

Narxlarni tartibga solish: ko'rinadigan va ko'rinmas qo'l va ularning Ukraina inqiroziga aloqasi

Nataliya Melnik, Bendukidze erkin bozor ilmiy markazi
01/01/70

Yoqilg'i taqchilligi, bo'sh yoqilg'i quyish shoxobchalari va narxlarning bozorga ta'siri

Bozorning ko'rinmas qo'li yodingizdami? Bu xaridorlar va sotuvchilarning erkin tanlovi orqali talab va taklif o'rtasidagi muvozanatni ta'minlovchi narx tizimidir. Adam Smit bozorning o'z-o'zini tartibga soladigan tamoyilini ko’rsatib bergan. Unga ko'ra, shaxsiy manfaat ishlab chiqaruvchilarni mijozlar talab qilgan mahsulotlarni eng past narxlarda yetkazishga majbur qiladi.

Narx - bu tovar yoki xizmat birligiga to'langan yoki olingan qiymatning puldagi ifodasi. Fridrix von Hayek bozor tizimini mo''jiza deb atagan, chunki bor-yo’g’i bitta ko'rsatkich, ya'ni tovar yoki xizmatning narxi o'z ichiga juda ko'p ma'lumotni mujassamlashtirib, sotuvchilar va xaridorlarni o'zlari istagan narsalarga yetishish uchun qarorlar qabul qilishga rag’batlantiradi.

Talab va taklif qonunlari

Biz iste'molchi sifatida cheklangan resurslarimizdan maksimal darajada foydalanishni xohlaymiz va shuning uchun mahsulot narxi tushsa, biz o’sha mahsulotdan ko'proq birlik talab qilamiz. Siz aynan buning misolini hayotingizda ham ko'rgansiz: agar biror narsa arzonroq bo'lsa, undan ko'proq sotib olasiz. Shu tarzda, agar u qimmatroq bo'lsa, siz undan kamroq sotib olasiz. Umuman olganda, tovar yoki xizmat narxi oshganda, talab miqdori kamayadi, chunki kamroq xaridorlar qimmatroq narsalarni sotib olishga tayyor va qodir bo'ladi. Pul va talab qilinadigan miqdor o’rtasidagi ushbu teskari munosabat talab qonuni deb ataladi.

O'z navbatida, sotuvchilar bozor narxlariga qarab qancha miqdorda mahsulot sotishni hal qiladilar, chunki erkin bozorlarda sotuvchilar kamdan-kam hollarda o'z mahsulotlari narxini belgilay oladilar; ular bozor ko’targan narxni qabul qilishga majbur. Narx qanchalik baland bo'lsa, shuncha ko’proq sotuvchilar mahsulotlarini sotish uchun taklif qilishadi. Aksincha, agar narxlar pasaysa, sotuvga taklif qilinadigan mahsulot birliklari kamroq bo'ladi. Narx va miqdor o'rtasidagi ushbu to'g'ridan-to'g'ri bog'liqlik taklif qonuni deb nomlanadi. Bu bog’liqlikni tushunish qiyin emas: yuqori narxlar ko'proq daromad olish imkoniyatini oshiradi va shuning uchun sotuvchilar ko'proq sotishga rag'batlanadi. Bundan tashqari, ishlab chiqarish oshgani sari, har bir keyingi mahsulotnining ishlab chiqarish xarajati ham ko’tariladi, shuning uchun ishlab chiqaruvchilar narxlar oshgan xarajatlarni qoplash uchun yetarlicha ko’tarilsagina ko’proq sotadilar.

Bozor narxlarining shakllanishi

Agar sotuvchilar iste'molchilar sotib olmoqchi bo'lgan miqdordan ko'proq mahsulotlarni taklif qilsalar, ortiqcha mahsulot hosil bo'ladi. Bu vaziyat sotuvchilarni ushbu tovarlardan qutulish uchun narxni pasaytirishga majbur qiladi. Xarajati eng baland bo'lgan sotuvchilar zarar ko’rishadi va ular ushbu mahsulot bozorini tark etishlari ham mumkin. Narx iste'molchilar sotib olishga tayyor bo'lgan mahsulotlar miqdori sotuvchilar sotishga tayyor bo'lgan miqdorga teng bo'lgunga qadar pasayadi. Bu narx muvozanat narxi deyiladi. Agar narx muvozanat narxidan past bo'lsa, iste'molchilar sotuvchilar sotishga tayyor bo'lgan miqdordan ko’proq sotib olishni xohlashadi. Bu taqchillikka olib keladi va bunga javoban bozor kuchlari narxni ko’taradi. Shunday qilib, xaridorlar va sotuvchilar o'rtasidagi xatti-harakatlarning doimiy ko'rinmas va ko'zda tutilmagan muvofiqlashtirilishi mavjud bo'lib, uning natijasi sotuvchilarni ham, xaridorlarni ham qoniqtiradigan narx hamda talab va taklif o'rtasidagi muvozanatdir.

Nega unda bozorda tovarlar va xizmatlar taqchilligi yoki ortiqchaligi yuz beradi? Aslida, erkin bozorda ular kamdan-kam uchraydi, chunki barcha ishtirokchilar narx signallarini oladilar. Sotuvchilar xaridor sotib olishni istaydigan miqdordan ko'proq, yoki xaridor to'lashga tayyor bo'lgan narxdan yuqoriroq narxda sota olmaydi. Bozor narxlari talab va taklif o'rtasidagi muvozanatni ta'minlaydi. Shuningdek, ular sotuvchilarni faqatgina xaridorlar ishlab chiqarish tannarxidan yuqoriroq qadrlagan mahsulotlarni taklif qilishga rag’batlantiradi.

Bu o'z-o'zidan yuzaga keladigan tartib markazlashtirilgan rejalashtirishni talab qilmaydi, chunki narxlar odamlar manfaatlarini muvofiqlashtiradi. Biroq, ba'zida davlat siyosati narx signallarini soliqlar, subsidiyalar va boshqa cheklovlar orqali buzadi.

Bular barchasining yoqilg'iga aloqasi

Ukrainadagi hozirgi yoqilg'i holatini misol qilib olaylik. Barcha ukrainalik haydovchilar uning taqchilligini ishga borishda yoki qarindoshlari va butunlay begonalarni evakuatsiya qilganda yoki gumanitar yuklarni etkazib berganda va hokazo holatlarda allaqachon boshdan kechirgan bo’lishlari kerak. Nima sababdan taqchillik yuzaga kelgan? Buning bir qancha sabablari bor, shular jumlasiga Kremenchuk neftni qayta ishlash zavodining majburan yopilishi, bombalardan zarar ko’rgan neft bazalari, hali yo’lga qo’yilmangan G'arbiy Yevropa import logistikasi kiradi. Narxlarning davlat tomonidan tartibga solinishi vaziyatni yanada murakkablashtiradi.

Eslatib o’tamiz, Iqtisodiyot vazirligi 2021-yilning may oyidan boshlab yoqilg’i narxlarini cheklab kelgan. Ukrainada yoqilg’i narxi ikki narsaga bog’liq: benzinning tannarxi va vazirlik tomonidan hisoblangan benzin va dizel yoqilg’isining o’rtacha tannarxiga yoqilg’i quyish shoxobchalarining qo’shishi mumkin bo’lgan savdo marjasi. 2022-yil fevral oyining oxiridan boshlab bu marja har bir litr benzin uchun 5 ukrain grivna, va dizel uchun 4,55 grivna edi. Benzinning o’rtacha narxi asl xarajatlarni aks etgan holda oshgan bo’lsa-da, narxning tartibga solinadigan qismi talabdagi o’zgarishlarni va yoqilg’i distributsiya xarajatlarining oshganligini aks eta olmaydi. Demak, benzin odamlarning to’lash istagiga ko’ra emas, balki benzini bor bir-necha yoqilg’i shoxobchalarda navbatni kutishga sarflangan vaqt uchun to’lash istagiga ko’ra ratsion qiliyapti.

«Qog’ozdagi» arzon narxlar, bo’m-bo’sh yoqilg*'*i quyish shoxobchalari va 10 litr benzin uchun 5 soatdan ko’proq kutgan haydovchilar g’azabiga duch kelgan davlat narx nazoratini bekor qildi. Natijada, benzin narxi litri 38 grivnadan 50 grivnagacha ko'tarildi. Endi, yoqilg'i ko’payb, navbatlar sezilarli darajada kamaydi, chunki yuqori narxlar talabni qisqartirib, yoqilg'i quyish shoxobchalarining chakana bozorda benzin ta'minlash rag'batini oshirdi.

EFI hamkori Bendukidze erkin bozor ilmiy markazidan Nataliya Melnikning ushbu maqolasi birinchi marta «Rubryka» da chop etilgan