Matnga o'tish
Bosh sahifa
Bosh sahifaEFI to'g'risidaLoyihalarKitobni o'qingKutubxonaHamkorlar

Kriptovalyutalar kelajagi

Yiliam J. Lyuter
01/01/70

Raqamli oltinni yaratishga ishtiyoq bitkoin paydo bo'lishidan ancha oldin boshlangan. 1996-yilda Duglas Jekson va Barri Dauni E-Gold, Ltd kompaniyasiga asos solishgan bo’lib, bu kompaniya o'z mijozlariga Internet orqali saqlanadigan oltinga titullarni o'tkazish imkonini bergan. 2005-yilga kelib Jekson va Dauni hamda kompaniyaning egalaridan biri bo’lmish Reid Jekson pul firibgarligi va litsenziyasiz pul o'tkazmalari biznesi bilan shug'ullanganlikda ayblanganda, kompaniyaning bir milliondan ortiq foydalanuvchisi bo’lgan. Yillab panjara ortida o'tkazish ehtimolini yuzlagandan ko'ra, ayblanuvchilar aybini tan olib, kelishuv tuzdilar: endi ular E-Goldni yuritish uchun zarur litsenziyalarni olisha olmasdi. Shu bilan oltin transferti sayti qayta ochilmadi.

Bitkoin kabi kriptovalyutalarning E-Gold bilan umumiy xususiyati kam. Ular oltin yoki boshqa aktivlarga da'vo emas. Ular tranzaktsiyalarni amalga oshirish uchun birorta ishonchli uchinchi tomonga tayanmaydi. Ammo, E-Gold singari, ular jismoniy tovarlar va fiat pullarning kamchiliklarini kamaytiradi degan umid bor.

Oltin kabi tovarlar tabiiy ravishda tanqis. Oltinni yerdan qazib, undan tanga zarb qilish qimmatga tushadi. Konchilar va zarbchilar o'zlarining tegishli faoliyati bilan faqatgina shu faoliyatdan keladigan daromad xarajatlardan oshsagina shug'ullanishadi. Daromad esa tanganing sotib olish qobiliyati bilan o’lchanadi.

Oltinning tabiiy tanqisligi oltin tangalarning taklifi markazlashtirilmagan, o'zini-o'zi tartibga soluvchi mexanizm orqali boshqarilishini anglatadi. Agar oltin tangalarga bo’lgan talab kutilmaganda oshib ketsa, ularning xarid qobiliyati ko’tariladi. Xarid qobiliyatining oshishi oltin qazib, undan tanga zarblashdan keladigan daromadni oshirganiligi sababli, konchilar va zarbchilar odatdagidan ko'proq tanga ishlab chiqaradilar. Taklif tezroq sur'atlarda oshgani sayin, oltin tangalarning xarid qobiliyati asta-sekin ishlab chiqarish tannarxigacha tushadi. Keyinchalik, daromad olish imkoniyati kamaygani sari, konchilar va zarbchilar aholi talabining va daromadlarning muntazam ravishda o'sib borishini va eskirish va yemirilish tufayli taklifning qisqarishini hisobga olgan holda normal faoliyatlarini davom etadilar.

Klassik oltin standarti sharoitida bozor ishtirokchilari narx darajasini yigirma, ellik, hatto yuz yildan keyin ham tahmin qila olishlariga ishonishlari mumkin edi! Ular oltin standartining markazlashtirilmagan, o'zini-o'zi tartibga soluvchi mexanizmi oltin tangalarga bo'lgan talab yoki taklifdagi o'zgarishlarga ko’ra moslashishini bilishardi. Demak, narx darajasidagi o'zgarishlar o’zining o’rtacha qiymatiga qaytishiga moylligi bo’lgan. Boshqacha qilib aytganda, oltin standarti uzoq muddatli ishonchli nominal langar bo’lib kelgan.

Biroq, klassik oltin standartining salbiy tomonlari yo'q emas edi. Oltinning tabiiy tanqisligi markazlashtirilmagan, o'zini-o'zi tartibga soluvchi mexanizmining samarali ishlashni ta'minlagani bilan birga, shuningdek, u monetar tizimini yuritishni qimmat va sekin moslashuvchan qilib qo’ygan. Oltin tangalar taklifini oshirish uchun oltinni qazib olish va tanga zarb qilish uchun ishchilar va mashinalarni jalb qilish kerak. Ammo bu ishchi va mashinalardan boshqa qimmatbaho tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarish uchun foydalanish mumkin. Bundan tashqari, moslashish davri ancha uzoq bo'lishi mumkin. Oltinning xarid qobiliyati uzoq muddatda nisbatan barqaror bo'lsa-da, qisqa vaqt davrida u ancha o'zgaruvchan edi.

Tovar pullarining kamchiliklarini hisobga olsak, fiat pullarning jozibadorligini ko'rish oson. Fiat pullarida tabiiy tanqislik yo'q. Bir dollarni ishlab chiqarish marjinal qiymati deyarli nolga teng, chunki u oddiygina tugmachani bosish bilan amalga oshiriladi. Fiat pullari sun'iy ravishda emitentlari, odatda markaziy bank tomonidan tanqis qilinadi. Agar markaziy bank fiat pul taklifini yaxshi boshqara olsa, u oltin standarti kabi ishonchli uzoq muddatli nominal langar bo’la oladi, ammo bu holda moslashish muddati ancha qisqa va kam xarajatli bo’ladi.

Amalda, fiat pullar umidni oqlamadi. Hatto eng muvaffaqiyatli fiat pullar ham klassik oltin standartiga qaraganda ko’proq o’zgaruvchanlik tendentsiyasiga ega. Fiat pul taklifini boshqarish arzon bo'lsa-da, qiymatini oldindan bilib bo’lmaslik bozor ishtirokchilariga kelajakdagi nominal o'zgaruvchilarni baholash uchun qimmatga tushadi.

O’ylab ko’ring, nega fiat pullar yaxshi amal qilmaydi? Tabiiy tanqislik oltin standartining samarali ishlashiga imkon bergani bilan bir qatorda uning kamchiliklarini ham bo’lgani kabi, fiat pulning tanqisligini sun'iy boshqarish uni oltin standartidan yaxshiroq yoki yomonroq amal qilish ehtimolini oshiradi. Muammo shundaki, fiat pullarining sun'iy tanqisligi markaziy banklarning ixtiyoriy qarorlariga bog'liq.

Kriptovalyutalar ham tovar, ham fiat pullaridan yaxshiroq amal qilish imkoniyatiga ega. Fiat pullari singari, kriptovalyutalar ham sun'iy ravishda tanqis. Ammo, tovar pullari singari, ularning tanqisligi yuqoridan boshqariladigan taklifga bog’liq bo’lishi emas. Kriptovalyuta emitenti taklifdagi kerakli moslashuvni manba kodiga yozish orqali kafolatlashi mumkin. Agar to'g'ri kodlansa, kriptovalyuta uzoq muddatli taxminlarni jilovlab, qisqa muddatli taklif o’zgarishlarini tovar va fiat pullarga qaraganda arzonroq moslashini ta'minlay oladi.

Ushbu maqola Yiliam J. Lyuter va Amerika Iqtisodiy Tadqiqotlar Instituti tomonidan taqdim etilgan bo’lib, undan Creative Commons Attribution 4.0 xalqaro litsenziyasiga muvofiq foydalanilgan