Matnga o'tish
Bosh sahifa
Bosh sahifaEFI to'g'risidaLoyihalarKitobni o'qingKutubxonaHamkorlar

Iqtisodiyot qiyin odamlar bilan...jumladan, o’zingiz bilan murosa qilishga yordam beradi.

The Foundation for Economic Education
01/01/70

Siz 30 daqiqada muhim uchrashuvingiz boshlanishini anglab, cho’chib uyg’onib ketasiz. Siz to’shakdan sakrab turib, kiyimingizni tezda kiyasiz, kalitlaringizni olib, eshikdan shoshilasiz. Yarim yo’lda mashinangizga ko’zingiz tushadi.

Kimdir mashina shinalarini kesib ketgan.

Siz 30 yoshli startap kompaniyasi asoschisisiz, lekin bir zumda 60 yoshli ezma cholga aylanasiz. «Bezorilar! Badbaxtlar! Agar qo’limga tushsanglar, men ...».

Keyin siz joyingizga to’xtaysiz va sizni g’alati bir xotirjamlik egallaydi. Sizning meditatsiya qilib yurishlaringiz ish berishni boshladimi? Yo’q, yuzingizdagi xotirjamlik emas, balki qiziquvchanlik va qat’iyatlilikdir.

Bu – ilhom lahzasi emas, balki iqtisodiyot.

Oshirib yubordikmi? Aksincha, unaqa emas. Iqtisodiy fikrlash tarzi hayotdagi qiyinchiliklarni yengish uchun kuchli vosita bo’lishi mumkin. Aslida, iqtisodiyotni o’zingizga-o’zingiz yordam bera oladigan vosita deb ham aytishingiz mumkin.

Xulq-atvorni tushunish

Iqtisodiyotning mohiyati inson xulq-atvorini, ya’ni maqsadli harakatini tushunishdan iboratdir. Xulq-atvor rag’batlar ta’sir etuvchi xohish-istaklarga ko’ra maqsadlarga intilishni o’z ichiga oladi.

Har bir xulq-atvor esa, qanchalik noto’g’ri va to’liq bo’lmasin-ki, mavjud ma’lumotlarga, qanchalik yolg’on va nuqsonli bo’lmasin-ki, sabab-oqibat g’oyalariga tayangan holda oqilonadir, bu esa maqsadga intilishni bildiradi.

Bu mantiqan juda oddiy bo’lib tuyulishi mumkin, lekin biz ko’pincha bu haqiqatlarga e’tibor bermaymiz. Birodarlarimiz tomonidan muammoli xatti-harakatlarga duch kelganimizda, biz ko’pincha ularning axloqiy nuqsonlariga yoki bunday xatti-harakatlarning bema’niligiga ko’proq e’tibor beramiz. «U shunchaki yirtqich bir hayvon». «U shunchaki ahmoq». «Ular bir to’da galvarslar».

Ekstremal misol sifatida quyidagini olaylik: 11-sentabrdan keyin va Afg’on urushi boshlangan paytlarda matbuot a’zosi yuqori martabali amerikalik generaldan Usama bin Laden to’g’risida so’raganda, u bor-yo’g’i «U aqldan ozgan» deb javob bera olgan. U terrorchining dahshatli va adolatsiz maqsadi yoki sabablari haqida hech narsa ayta olmagan. Uning yovuz strategiyasi to’g’risida biror so’z demagan. Bor-yo’g’i bitta gap: «U aqldan ozgan». Yovuz dushmanni baholashda bunday sust yondashuv bilan terrorga qarshi urush muvaffaqiyatsizlikka uchraganligi ajablanarli emas.

Bu kabi javoblar insonda ustunlik va mamnumiyat hislarini uyg’otar, lekin aslida ular kuchsizdir. Ular yechimlar sari qilingan har qanday tahlilni, har qanday idrokni, har qanday olg’a siljishni joyida to’xtatadi. Bu esa boshqalarga biror-bir ta’sir qila olish imkoniyati yo’q degan umidsizlikni keltirib chiqarishi mumkin. Demak, bunday holat inson aktyorlari bilan samarali muloqot qilish yo’llarini keskin kamaytiradi. Odamlar faqatgina aqlsiz to’siq deb hisoblanar ekan, ularga e’tibor berilmaydi yoki ularni kuch bilan yengiladi.

Ofis siyosatini yengib chiqish

Ammo variantlardan birortasi mavjud bo’lmasachi? Masalan, o’zingniz yoqtiradigan ish joyingizda sizni hamisha sabotaj qilishingizga harakat qiladigan hamkasbingiz bor, deb faraz qilaylik. Siz undan omborxonada bekinib yurolmaysiz. Jeyms MakAvoy «Wanted» filmida Kris Prattni klaviatura bilan yuziga urgani kabi siz ham uning yuziga shunchaki ura olmaysiz. Iqtisodiy fikrlash kabi fikrlamasangiz, siz faqat g’azablanib, o’z yog’ingizda qovurilib yurishinz mumkin. Balki Jim Helpert «Ofis» serialida Duayt Shrutening steyplerini murabboga solgandek, siz ham unga kun bermay ozroq tasalli (hatto biroz xursandchilik) toparsiz, holos.

Iqtisodiyot bizga shuni eslatadiki, odamlarning harakati qanchalik nuqsonli, qanchalik nomutanosib, qanchalik zararli bo’lishidan qat’i nazar, barcha o’z xohish-istagi, ma’lumoti va rag’batiga ko’ra harakat qiladi. Shunday ekan, kimdir sizni ranjistsa, nafrat va qoralash o’rnida, o’sha xohish-istaklar, ma’lumotlar va rag’batlar bilan kurashishga va ularni o’zgartirishga harakat qiling.

Nega bu hamkasb sizni sabotaj qilmoqchi?

Ehtimol, u ishchi va kollegial jamoaning bir qismi bo’lishdan ko’ra, o’zining martabasi haqida ko’proq qayg’uradi.

Ehtimol, bu xohish-istaklar kompaniyangiz xususiy mijozlardan davlat shartnomalariga o’tishni boshlaganligi sababli kelib chiqadigan rag’batlardan yuzaga kelgandir. Ya’ni, tashkilotning byurokratik va ierarxik sifatlari paydo bo’lib, uning samaradorligi va xizmatlarga e’tibori tobora kamayib bormoqdadir. Shu sababli, hamkasbingiz birgalikda samarali ishlashdan ko’ra, yaratishdan ko’ra, mansab zinapoyasida ko’tarilishni birinchi o’ringa qo’ygani ajablanarli emas.

Ehtimol, yoki uning hayotiy tajribasidan olingan ma’lumotlari unga korporativ zinapoyaga ko’tarilishning yagona yo’li boshqa birovni pastga tushirish ekanligini aytadi.

Siz uning motivlarining asosi to’g’risida tasavvurga ega bo’lganingizdan so’ng, siz ushbu xohish-istaklarni, ushbu ma’lumotlarni va bu rag’batlarni o’zgartirishingiz mumkinligini o’ylab ko’rishingiz mumkin.

Balki bosh direktoringizni davlat shartnomalari jamoaviy madaniyatni yomon tomonga o’zgartirayotganini va kompaniya xususiy mijozlarga qaytishi kerakligini ishontirish orqali rag’batlarni o’zgartira olarsiz?

Balki raqib hamkasbingizning loyihalaridan biriga yordam berib, hamkorlik uning mansabiga yordam berishini ko’rsatish orqali uning rag’batlarini o’zgartira olarsiz?

Balki unga martaba uchun rezyume yozishdan ko’ra, qiymat yaratish to’grisidagi bir yaxshi kitobni tavsiya qilish orqali uning ma’lumotlarini o’zgartira olarsiz?

Hayot darsi/layfxak

Iqtisodiy fikrlash sizning eng katta dushmaningiz, ya’ni, o’zingiz bilan ham kurashishga yordam bera oladi**.**

Ko’pincha, biz boshqalarni baholagandek, o’zimizni ham malakasiz va samarasiz deb tanqid qilib hulosa chiqaramiz. «Munosabatlarim yomon, chunki men shunchaki yomon odamman». «Men vaznimni yo’qota olmayman, chunki men o’zimni qo’lga olishni bilmayman». «Men mansabimga zid qarorlar qabul qilishni davom etyapman, chunki men juda ahmoqman».

Qanchalik keraksiz hulosalar!

Siz, boshqa barcha insonlar kabi, xohish-istaklar, ma’lumotlar va rag’batlarga ko’ra harakat qilasiz. Shunday ekan, o’z-o’zingizdan nafratlanish o’rniga, bu xohish-istaklarni, ma’lumotlarni va rag’batlarni qanday o’zgartirish haqida o’ylang.

Tanlovlaringizga ta’sir qilish uchun ma’lumotlaringizni qanday o’zgartirishingiz mumkin? Ehtimol, siz tanlagan dietangiz juda qiyin va siz doimo och yurmasdan sizga to’g’ri keladigan dieta topish uchun ozroq tadqiqot qilishingiz kerakdir. Ehtimol, siz va hamkoringiz munosabatingizdan boshqa-boshqa narsalarni kutasizlar, shuning uchun siz bu to’g’risida gaplashib, bir-biringizni tushunib olishingiz kerakdir.

Tanlovlaringizni o’zgartirish uchun rag’batlaringizga ta’sir qila olasizmi? Uyda yashash o’zingizga bo’lgan ishonchni pasaytirmoqdami? Nega ko’chib chiqmaysiz? Universitetda o’qish tashabbusingizni sindirmoqdami? Nega tashlab ketmaysiz? Davlat idoralaridagi ishingiz sizni befarq va g’amgin qilmoqdami? Nega bo’shamaysiz?

Patologiyadan o’yingacha

O’zingizga va boshqalarga patologik mavjudotlar, bema’ni, o’jar hayvonga qaragandek munosabatda bo’lsangiz, hayot azob-uqubatlarga duchor bo’lgan va chidash kerak bo’lgan mashaqqatli og’irlikka aylanadi va siz g’aflatsiz qoramollarning ulkan podasi ichra yo’lingizni topishga urinayotgan mavjudotga o’xshab qolasiz.

Ammo insoniyatga iqtisod nuqtai nazaridan qarasangiz, o’zingizni va boshqalarni dinamik xohish-istaklar, ma’lumotlar va rag’batlarga ega bo’lgan maqsadli mavjudotlar sifatida ko’rsangiz, hayot o’yinga aylanadi. Bu o’yin ijodiy qiyinchiliklarga to’la ko’p a’zoli o’yin bo’lib, undagi eng yaxshi strategiya do’stlar orttirish va odamlarga ta’sir etishdan iboratdir.

Ushbu maqola Dan Sanchez, Isak M. Morhaus va The Foundation for Economic Education tomonidan taqdim etilgan bo’lib, undan Creative Commons Attribution 4.0 xalqaro litsenziyaga muvofiq foydalanilgan. Original versiyasini ushbu linkda o’qishingiz mumkin.