Matnga o'tish
Bosh sahifa
Bosh sahifaEFI to'g'risidaLoyihalarKitobni o'qingKutubxonaHamkorlar

Iqtisodiy erkinlik avlodlararo daromadlarning mobilligi uchun ahamiyatga ega

Vincent Geloso
01/01/70

Tengsizlik - dorzarb siyosiy mavzu. Shu bilan bir qatorda, daromadlar mobilligi hamdir. So'nggi bir necha yil ichida ko'plab iqtisodchilar daromadlar tengsizligi va daromadlarning mobilligi o'rtasidagi salbiy bog'liqlik haqida muzokaralar olib borishmoqdalar. Ommaviy axborot vositalarida ularning tadqiqotlari F. Skott Fitsjeraldning 1925 yilgi romaniga ishora sifatida «Buyuk Getsbi egri chizig'i» deb tanildi.

Buyuk Getsbi egri chizig’i oddiy, ammo kuchli ma’noni bildiradi. Agar siz daromadlar tengsizligini bir o'qda va avlodlararo daromadlar mobilligini (ya'ni, ota-onangiz daromadlar pog’onosaidan qanchalik yuqori ko’tarila olishingizni) boshqa o'qda ifodalasangiz, teskari munosabat mavjudligini ko'rasiz. Tengsizlik qanchalik ko'p bo’lsa, avlodlar o'rtasidagi daromad mobilligi ham zaifroqroq bo’ladi. Qolgan barcha o’zgaruvchilar teng bo'lgan holda, agar siz tengsizlik darajasi katta jamiyatning daromad zinapoyasining pastida tug'ilgan bo'lsangiz, tengsizligi kamroq jamiyatning daromad zinapoyasining pastida tug'ilgan tengdoshingizga qaraganda yuqoriga ko'tarilishingizning ehtimoli kamroqdir.

Bu sizning daromadingiz ota-onangiz daromadiga nisbatan oshmaydi degani emas. Ya’ni, bu «mutlaq mobillikni» izohlaydi. Buyuk Getsbi egri chizig'I esa «nisbiy mobillikka» bog’liqdir. Mobilligi yo’q jamiyatda zinapoyaning eng pastida tug’ilgan bolalar, hatto ular ota-onalariga qaraganda yaxshiroq sharoitlarda yashasalar ham, boshqalarga nisbatan o’sha tubda qolib ketaveradilar.

Nima sababdan daromadlar tengsizligi va avlodlararo daromadlar mobilligi o'rtasida bog'liqlik mavjud? Buning javobi oddiy: imkoniyatlardan foydalanish qobiliyati. Agar siz badavlat oilada tug'ilgan bo'lsangiz, aks holda foydalana olmaydigan imkoniyatlarga yetish uchun siz oilangiz davlatini ishga tushirasiz. Biroq, daromadlar pog’onasining pastida joylashganlar esa resurslar yetishmovchiligiga duch keladilar. Quyidagi misolga e’tibor bering: agar ta'lim ota-onangizdan boyroq bo’lishning yo’li bo’lsa, kambag'allar uchun ta'lim qimmatroqqa tushadi (o’qish yillari davomida ishlamaslik va kunlik harajatlar uchun yig’ib qo’yilgan mablag’ning kamligi sababli), va boylar ta'limga ko'proq investitsiya qilishadi.

Yuqoridagining ma’nosi oddiy. Bu o’rinli iqtisodiy fakt ekanligi haqida ko'plab empirik dalillar ham mavjud. Biroq, buning yechimi yo’q degani emas. Aslida, Buyuk Getsbi egri chizig'ini o’rganadigan tadqiqotlar tengsizlikning mexanik roliga urg’u qo’yadilar, bunda esa tengsizlik hamma joyda bir xil bo'lgan salbiy ta'sirga ega. Mobillik muammolari yechimini (ya'ni, daromadlarni qayta taqsimlash, ta'limga davlat investitsiyalarini ko'paytirish va hokazolar) muhokama qilingan hollardan mustasno, odatda institutlarning roli e'tiborga olinmaydi.

Institutlarning muhokama qilinmasligi muammoli holatdir. Darhaqiqat, agar daromadning barcha pog’onasidagi odamlar o’zlariga investitsiya qilishga qonuniy asosga va rag’batga ega bo'lishsa, institutlar daromadlar tengsizligi ta'sirini yumshata oladi. Tasavvur qiling-a, davlat sartaroshlik, obodonlashtirish, dizayn yoki g’isht terish kabi past malakali ishlarga ko'plab to'siqlar qo'yadi. Bunday to'siqlar odamlarning korporativ zinapoyaga ko'tarilish qobiliyatini qonuniy ravishda cheklaydi.

Southern Economic Journal dagi maqolamizda Jastin Kalle va men iqtisodiy erkinlik (institutlar uchun bizning analogimiz) daromadlar mobilligini oshiradigan qudratli kuch ekanligini ta'kidlaymiz. Biz iqtisodiy erkinlik qonuniy to'siqlarni kamaytirishi bilan bir qatorda, uning iqtisodiy taraqqiyotga tasdiqlangan ta’siri aslida daromadlar pog’onasining quyida joylashganlar uchun muhimroq ekanligini yoritamiz. Agar barcha uchun daromadlar teng ravishda o'shsa, qo'shimcha daromadning bir foizi boylarga qaraganda kambag'allar uchun ko'proq imkoniyatlar yaratadi. Ko’proq «mutlaq mobillikni» ta’minlash orqali iqtisodiy erkinlik «nisbiy mobillikni» ham oshiradi.

Ushbu maqolada biz Jahon bankining 120 dan ortiq mamlakatlar uchun berilgan nisbiy avlodlararo daromadlarning mobilligi to’g’risidagi ma'lumotlariga asoslanamiz. Jahon bankining ma’lumoti 1970-yillarning oxiri va 1980-yillarning boshlarida tugʻilgan aholini o’z ichiga olib, keng koʻlamli mamlakatlarni qamrash imkoniyatini beradi.

Bundan tashqari biz turli testlarda daromadlar tengsizligi va iqtisodiy erkinlik koeffitsienti o'rtasidagi bog’liqlikni ham o’rganamiz.

Iqtisodiy erkinlikning agregat indeksidan foydalanilganda, biz uning daromadlar tengsizligi bilan raqobatlashishini kuzatamiz. Biroq, bu, ehtimol, iqtisodiy erkinlikning ahamiyatini sustlashtiradi, chunki iqtisodiy erkinlikni tashkil qiladigan indekslarning ayrim tarkibiy qismlari noaniq ta'sirga ega. Hukumatning kattaligi, masalan, avlodlararo mobillikni oshirishi yoki kamaytirishi mumkin. Yuqori soliqlar investitsiyalarni (ayniqsa, inson kapitali investitsiyalarini) kamaytirishi tufayli mobillikni pasaytiradi. Shu bilan bir qatorda, agar soliqlar ayniqsa daromad pastiga joylashganlarga juda manfaatli bo’lgan ta'lim dasturlarini moliyalashtirish uchun ishlatilsa, bu mobillikni oshirishi mumkin. Demak, iqtisodiy erkinlik indeksining tarkibiy qismlarini ajratib tahlil qilish mantiqan to’g’ridir.

Yuqoridagiga amal qilib hisoblaganimizda, biz mulk huquqlarini tartibga solish va himoya qilish juda katta ahamiyatga ega ekanligini ko'ramiz. Iqtisodiy erkinlik indeksining ushbu ikki komponenti daromadlar tengsizligidan ham muhimroq ekanligini topamiz.

Biz, shuningdek, balog'atga yetmagan aholi uchun iqtisodiy erkinlik va daromadlar tengsizligining bir-biriga ta'sirini baholaymiz. Iqtisodiy erkinlik va daromadlar tengsizligi darajasini balog’atga qadar bo’lgan aholi uchun ko'rib chiqishga motivatsiyamiz shundan iboratki, bu davrda ikkala o'zgaruvchining darajasi juda muhim, chunki inson yoshligida qilgan sinov va xato jarayonlari arzonroqqa tushadi. Ko’proq iqtisodiy erkinlik va kanroq daromadlar tengsizligi insonga u balog'atga yetgunga qadar ko'proq sinovlar (va ehtimol, kamroq xatolar) qilishga imkon beradi. Shu sababli, biz ushbu mexanizmni aks etish uchun ikkala o'zgaruvchining «bir umrlik» darajasidan foydalandik. Biz iqtisodiy erkinlik odatda tengsizlikdan ko'ra daromadlar mobilligining kuchliroq omili ekanligini yana bir bor aniqladik.

Avlodlararo daromad mobilligini aniqlashda iqtisodiy erkinlik va institutlarning roliga yetarlicha ahamiyat berilmaslik, ehtimol, daromadlar mobilligiga oid tadqiqotlarning eng muammoli kamchiliklardan biridir. Siyosat va chora-tadbirlar to’g’risida maslahat berganda, iqtisodchilar ko'pincha ko’proq qayta taqsimlash yoki, hech bo'lmaganda, maqsadli qayta taqsimlashga ko’proq e’tibor qaratishadi. Aksincha, bizning natijalarimiz asosiy tamoyili shundan iboratki, kamroq ko'pdan yaxshiroqdir. Ya’ni, bu holda, ko'proq iqtisodiy erkinlik kamroqdan yaxshiroqdir.

Ushu maqola Vincent Geloso va Amerika iqtisodiy tadqiqotlar instituti tomonidan taqdim etilgan bo’lib, undan Creative Commons Attribution 4.0 xalqaro litsenziyaga muvofiq foydalanilgan. Original versiyasini ushbu linkda o’qishingiz mumkin.